Farg‘onada talaba jinoyatga qo‘l urdi
U institut bituvchisi bo‘lgan.

Farg‘ona shahridagi konsalting xizmati ko‘rsatuvchi muassasada bir necha oy menejer bo‘lib ishlagan viloyat politexnika instituti bitiruvchi kurs talabasi J.A. o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha jinoyat sodir etdi.
Aniqlanishicha, mazkur muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishi yoshlarni chet elga o‘qishga yuborish bo‘lgan. Oz muddat orasida ish jarayoni, talabalarni qay yo‘sinda xorijga yuborish, ularning o‘qishini ko‘chirish tartiblarini yaxshi o‘zlashtirgan J.A. garchi ishdan bo‘shasa-da, bir necha soddadil fuqarolarga go‘yo “rasmiy tarzda huquqiy yordam berishini” aytib, ularning ishonchini qozonadi.
Jumladan, xorijda tahsil olayotgan Sh.M., Sh.N., U.A., M.Q., F.T. ga o‘zini konsalting xizmati ko‘rsatish muassasasi xodimi sifatida tanishtirib, ularning o‘qishini O‘zbekistonga, xususan, Farg‘ona vodiysidagi istalgan oliygohga ko‘chirib berishini aytadi. Bu bo‘yicha bir nechta hujjatlarni tayyorlagan fuqaro talabalarning biridan 400, yana boshqasidan 500 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘larini qo‘lga kiritadi. So‘ng firibgar noqonuniy o‘zlashtirilgan pullarni shaharning turli joylarida ko‘cha-ko‘yda, savdo do‘konlarida bu pullarni olib, o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuboradi.
J.A. Farg‘ona shahar Oybek ko‘chasida joylashgan tug‘uruqxona oldida F.T.dan kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ushlangan.
Hozirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan firibgarga nisbatan tegishli jazo chorasi qo‘llanilgan.








