WP : BAA Qo‘shma Shtatlar ichki ishlariga aralashgan bo‘lishi mumkin
Abu-Dabi Vashingtonda o‘z milliy manfaatlarini ilgari surish uchun katta mablag‘ sarflagani aytilmoqda.

AQSH razvedkasi maʼlumotlariga ko‘ra, BAA uzoq yillar davomida Amerika siyosatiga aralashishga harakat qilgan. The Washington Post manbalariga ko‘ra, Abu-Dabi qonuniy va noqonuniy yo‘llar bilan Vashington tashqi siyosatini o‘z foydasiga yo‘naltirishga harakat qilgan.
Xususan, mamlakatning AQSHdagi elchixonasi “BAAning Qo‘shma Shtatlardagi taʼsiri va yuqori mavqeidan faxrlanishi”ni aytgan. Amirliklar Amerika siyosiy tizimining nozik nuqtalaridan foydalanishga harakat qilgani aytilmoqda.
Razvedka maʼlumotlariga ko‘ra, BAA 2016 yildan buyon lobbizm uchun 154 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Bundan tashqari, yuzlab million dollar AQSH universitetlari va tadqiqot markazlariga xayriya qilingan. WP‘ning qayd etishicha, ularning aksariyati BAA uchun ijobiy natijalarga ega tadqiqot ishlarini eʼlon qilgan.
Abu-Dabi bir necha maʼmuriyat davrida shu kabi ishlarni amalga oshirgani qayd etilgan. BAA elchixonasi ushbu maʼlumotlarni tasdiqlamagan, ammo inkor ham qilmagan. Elchi Yusuf Al-Utayba amirliklarning mavqei samarali diplomatiya natijasi ekanini taʼkidlagan.







