“Namunaviy uyning namunasiz holati”
Qurilish vazirligi davlat dasturi asosid qurilib, hozirda yaroqsiz holatga kelib qolgan uy bo‘yicha izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida davlat dasturi asosida qurilgan uylar yaroqsiz holatga kelib qolgani aks etgan suratlar tarqaldi. Holatga Qurilish vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Yangiyo‘l tumani “Ozod” MFYdagi 64-uy 2012-yil davlat dasturi asosida “Qishloq qurilish invest” MCHJ Toshkent viloyati filiali buyurtmachiligi, “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ loyiha tashkilotining namunaviy loyihalari asosida qurilgan. 2013-yil xonadon egalari va davlat qabul komissiyasi a’zolarining e’tirozlarisiz qabul qilingan.
Mazkur xonadon Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi fuqaro X.S.ga qarashli bo‘lib, ushbu uyda 2021-yilning oxirigacha begona fuqarolar ijarada yashab kelgan.
“2022-yildan boshlab uy qarovsiz qolgan. Joriy yilning bahor oylaridagi surunkali yog‘ingarchiliklardan hosil bo‘lgan yomg‘ir suvlari uyning poydevor qismiga ketganligi natijasida poydevorda cho‘kish, nurash va yemirilishlar hosil bo‘lganligi sababli binoning asosiy yuk ko‘taruvchi devorlari bosimni ko‘tara olmagan, natijada yoriqlar paydo bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, uyning texnik holatini o‘rganish bo‘yicha “Qishloq qurilish loyiha” MCHJ tomonidan texnik ko‘rikdan o‘kazilgan va uning natijalari bo‘yicha uyni qayta tiklash maqsadga muvofiq emas deb topilib, uni buzib, qayta qurish bo‘yicha tegishli xulosa chiqarilgan.








