Toqayev BMTni isloh qilishga chaqirdi
Qozog‘iston Prezidenti mamlakat tashqi siyosati haqida ham gapirgan.

BMT isloh qilinishi va yana-da inklyuziv global tuzilmaga aylanishi kerak. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev maʼlum qildi.
“Xalqaro masalalarda Qozog‘iston doimo BMTning universal prinsiplariga sodiq qoladi. Boshqa tomondan tashkilotni yana-da inklyuziv tuzilmaga aylantirish va barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olish uchun isloh qilish kerak”, – degan u.
Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, Ostona mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashqi siyosat yuritmoqda. Prezident mamlakatga nisbatan turli terrorchilik va gibrid tahdidlar kuchayib borayotganini qayd etgan.
“Yevroosiyo markazida turib Qozog‘iston ushbu taʼsirlarni sezmoqda. Ammo biz asosiy maqsadi kuchli davlat, adolatli jamiyat qurish bo‘lgan islohotlar yo‘lidan qaytmaymiz”,— deb qo‘shimcha qilgan.
BMT va uning tuzilmalarini isloh qilish haqida shu kungacha bir qator davlat rahbarlari aytgandi. Xususan, Turkiya, Germaniya, Rossiya yetakchilari bu bo‘yicha o‘z taklifini bergan.







