Janubiy Koreya yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin
Mamlakat rasmiysi bu qaysi holatda amalga oshirilishini ochiqladi.

Janubiy Koreya o‘z yadro qurolini yaratishi mumkin. Bu haqda mamlakat birlashuv vaziri Kvon Yon Se Yonhap agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Koreyalararo munosabat yomonlashadigan bo‘lsa va jamoatchilikning yadro quroli bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarsa — hukumat bu kabi so‘rovlarni ortiq inkor qila olmaydi”, – degan u.
Vazirning fikricha, yadro quroli bo‘yicha uch xil variant bor: o‘z yadro arsenalini yaratish, birgalikda (AQSH bilan) foydalanish yoki Amerika taktik yadro bombasini joylashtirish. Shu bilan birga Kvon Yon Se bu vaziyatda butun Sharqiy Osiyoda barqarorlik xavf ostida qolishini tan olgan.
So‘nggi vaqtlarda Koreya yarimorolida vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. KXDR yil boshidan buyon ballistik raketa uchirishni to‘xtatmayapti. Bunga javoban Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSH harbiy mashg‘ulotlarni ko‘paytirdi. Vashington va Seul Pxenyanning yadro sinovlariga tayyorgarlik ko‘rayotganini iddao qilmoqda.







