Putin va Erdog‘on telefonlashdi
Turkiya rahbari rossiyalik hamkasbiga minnatdorchilik bildirdi.

Prezident Vladimir Putin Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘on bilan telefon orqali muloqot qildi.
Erdog‘on Putinga Qoradengiz g‘allasi bo‘yicha tashabbusni kengaytirish bo‘yicha konstruktiv yondashuvi uchun minnatdorchilik bildirdi, deb yozadi “Anadolu” agentligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy masalalarni ham muhokama qilgan.
Bundan tashqari, Anqara rahbari Rossiya prezidentining Turkiyada gaz xabi tashkil etish taklifini yuqori baholadi va Turkiyaning texnik hamda huquqiy ishchi guruhlari ushbu tashabbusni zudlik bilan o‘rganishga va’da berdi.
16-noyabr kuni Dmitriy Peskov “kerak bo‘lsa, Putin va Erdog‘on bir necha soat ichida o‘z suhbatlarini muvofiqlashtirishi”ni va ular doimiy aloqa o‘rnatganini ta’kidlagan edi.








