“Qamchiq”da yuk mashinasi ag‘darilib, yo‘lni to‘sib qo‘ydi
Holat bo‘yicha YHXX ma’lumot berdi.

Bugun, 18 noyabr kuni “Qamchiq” dovonida yuk avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Holat bo‘yicha IIV YHXX ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa soat 19:25 da Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tuvchi A-373 Toshkent–O‘sh avtomobil yo‘lining 229-kilometrida yuz bergan. Toshkent–Vodiy yo‘nalishida harakatlangan “Daf” rusumli yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida transport vositasi yo‘lning o‘ng tomoniga ag‘darilgan va yo‘lni berkitib, shu yo‘nalishdagi harakatni to‘xtatib qo‘ygan.
Voqea joyiga zudlik bilan FVVning “Qamchiq” qutqaruv guruhi hamda YPX xodimlari yetib kelgan. Hodisa oqibatlari maxsus texnikalar yordamida bartaraf qilingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Dovon yo‘li transportlar harakati uchun ochiq, ikki tomonlama harakat davom etmoqda. Mazkur holat yuzasidan tuman FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.








