Toshkentda “daraxtkushlar”dan 3 mlrd jarima undirildi
Endi daraxt kesilgan hududga 200 tup ko‘chat ekiladi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida daraxt kesganlardan 3 mlrd 514 mln 200 ming so‘m mablag‘ undirildi. Bu haqda Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xabar qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar prokuraturasi tashabbusi bilan Yashnobod tumani “Iltifot” ko‘chasi 29 uy manzilida 105 ta daraxtni noqonuniy kesib tashlagan "Yangi zamon bino" MCHJdan yetkazilgan zarar hamda moliyaviy jarima sifatida hisoblangan jami 3 mlrd 514 mln 200 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ naqd pul shaklida undirilgan.
Shuningdek, prokuratura talabi bilan daraxtlar kesib tashlangan ushbu qurilish maydoni o‘rnida MCHJ tomonidan 200 tup noyob va qimmatbaho manzarali daraxtlar keltirilib ektirilmoqda.
Ma’lumot uchun: holat yuzasidan prokuratura tomonidan MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 198-moddasi 3-qismi hamda boshqa, jumladan ekologiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatgani bo‘yicha JK 219-moddalari
bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








