Trampning Twitter’dagi akkaunti tiklandi
Mask bunday imkoniyatni sobiq prezidentga qaytarib berdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining 45-prezidenti Donald Trampning Twitter’dagi sahifasi yana tilandi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqning yangi rahbari Ilon Mask o‘z sahifasiga kirish huquqini Amerikaning sobiq rahbariga qaytarish yoki qaytarmaslik bo‘yicha ovoz berish o‘tkazgandi. Unda 15 milliondan ortiq foydalanuvchi ishtirok etgan. Ishtirokchilarning 51,8 foizi buni yoqlagan.
”Trampning akkaunti tiklanadi”, - deb yozgan Mask.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ovoz berishda ko‘plab botlar ishtirok etgan va botlarning ijtimoiy tarmoqdagi ovoz berishga ta’siriga qarshi kurashish zarur.
Ko‘p o‘tmay, Trampning 2021-yil boshida muzlatib qo‘yilgan akkaunti sobiq prezidentning barcha xabarlari saqlanib qolgan holda Twitter’da yana paydo bo‘ldi.
Ammo Tramp hali hech qanday yangi tvit yozmagan. Akkaunt 2021-yil 6-yanvardagi voqealardan so‘ng, uning tarafdorlari Kapitoliyni egallashga harakat qilganda bloklangan. Ijtimoiy tarmoqning o‘sha paytdagi rahbariyati Trampning tvitlari bosqin ishtirokchilarini rag‘batlantirgan va ilhomlantirgan bo‘lsa kerak deb hisoblagan.








