Xitoy mudofaa vaziri AQSHga: Tayvan — qizil chiziq, uni kesib o‘tmang!
XXR va AQSH mudofaa vazirlari uchrashdi.

Xitoy mudofaa vaziri Vey Fenxe AQSHlik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashdi. U Pentagon rahbarini Xitoy armiyasining mamlakat birligini saqlab qolishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari Assotsiatsiyasi mudofaa vazirlari yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan. Vey Fenxe Tayvan atrofidagi masala Xitoy xalqiga tegishli ekanini va hech qaysi tashqi kuch unga aralashish huquqiga ega emasligini aytgan.
Bundan tashqari, u Tayvan AQSH bilan munosabatlarda qizil chiziq ekanini va uni bosib o‘tmaslik zarurligini taʼkidlagan.
Bunga javoban Pentagon rahbari Vashington “Yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqligini qayd etgan. Shuningdek, Ostin Pekinni Tayvanga nisbatan beqarorlashtiruvchi harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan.







