Farg‘onada IIB binosi oldida ayol o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi
Holat yuzasidan boshqarma ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati ichki ishlar binosi oldida fuqaro o‘zini yoqmoqchi bo‘lgani aytilgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 15 noyabr kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. (IIB oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayolning qizi) Farg‘ona shahridagi mehmonxonalarning birida 2.250.000 so‘m pul evaziga 4 nafar shaxslarga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, kelishilgan pullarni olgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, fuqaro M.A. voyaga yetmagan D.F. va X.M.larni o‘ziga moddiy jixatdan qaram qilib, yashash uyida tutqunlikda saqlab, erkak mijozlarga moddiy manfaat evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlab kelganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi, 131-moddasi 1-qismi hamda 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2022 yil 16 noyabr kuni Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvidan kelib chiqib, 2022 yil 19 noyabr kuni ayblanuvchi M.A.ning boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” rusumli transport vositasi Farg‘ona shahar A.Navoiy ko‘chasi 30-uy yonida turganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 2 dona pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo tariqasida olinib, avtomashina qonuniy egasi A.M.ga tilxat orqali topshirilgan.
Shuningdek, IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suxbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan.








