Klichko: Eng yomon ssenariyga tayyor turing
Elektr yetishmovchiligi ortidan Kiyev aholisining bir qismi evakuatsiya qilinishi mumkin.

Kiyevda elektr taʼminoti bilan bog‘liq muammolar bahorgacha kuzatilishi mumkin. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko maʼlum qildi.
Oktyabr oyidan buyon Kiyevda doimiy ravishda belgilangan grafik asosida, avariyaviy va favqulodda elektrdan uzilish holatlari yuz bermoqda.
“Biz hammasini maksimal darajada tez tiklashga harakat qilyapmiz... Ammo uzilishlar bahorgacha bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”, – degan u.
Klichkoning qo‘shimcha qilishicha, vaziyat o‘ta yomonlashgan taqdirda shahar aholisining bir qismi Kiyev atrofiga evakuatsiya qilinishi mumkin. Shu bilan birga odamlarni boshqa viloyatlarga yoki xorijga ko‘chirish haqida gap ketmayapti.
Rossiya 10-oktyabrdan boshlab Ukraina infratuzilmasiga raketa zarbalari berib kelmoqda. Bu Qrim ko‘prigidagi portlashdan so‘ng boshlandi. Moskva portlashda Ukraina maxsus xizmatlari turganini taʼkidlamoqda.
Hozirga qadar mamlakat infratuzilmasiga yuzlab million dollarlik zarar yetkazilgan. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, eng kamida 4-4.5 million odam elektrsiz yashamoqda. O‘tgan haftada Ukraina tarixida birinchi blekaut yuz berdi.







