Qashqadaryoda “Kamaz” voyaga yetmagan piyodani urib yubordi
Viloyat IIB hodisa oqibatlarini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda viloyat IIB xabar qildi.
Avtohalokat joriy yilning 22 noyabr soat 12:30 larda Samarqand–Gʻuzor avtomobil yo‘lidan Gʻuzor tumani tomon harakatlanib ketayotgan “Kamaz” haydovchisi tomonidan sodir etilgan. Haydovchi N.B. Qamashi tumani “Uzun” MFY hududining 124-kilometriga kelganda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan Qamashi tumani “Uzun” MFYda yashovchi voyaga yetmagan Q.S.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudining ajrimiga asosan ayblanuvchi N.B.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.








