Qozog‘istondagi shaharlardan biri 30 darajali sovuqda issiqlik taʼminotidan uzildi
Bunga mahalliy IESdagi nosozlik sabab bo‘lgan.

Qozog‘istonning Ekibastuz shahrida issiqlik taʼminoti ishdan chiqdi. Shaharda -30 darajali sovuq ob-havo hukmronlik qilmoqda.
Hodisaga IESdagi nosozlik sabab bo‘lgan. Oqibatda bir necha isitish qozonlari to‘xtab qolgan. Shahardagi barcha taʼlim muassasalari masofaviy ishlashga o‘tgan.
Pavlodar viloyati hokimi Ekibastuzga yetib kelgan. Keyinchalik avariyaviy holat bartaraf etilgan bo‘lsa-da, biroz vaqt o‘tib issiq suv quvurlaridan biri yorilib ketgan. 28 noyabrga o‘tar kechasi 17 ko‘p qavatli uy, beshta ijtimoiy obyekt va 21 yuridik shaxslar binosiga issiqlik yetib bormagan.
Shahar hokimi Ekibastuzda favqulodda holat eʼlon qilgan. Voqeaga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Tokayev maʼmuriyati ham munosabat bildirgan. Xususan, Prezidentning matbuot kotibi Ruslan Jeldibay shahar aholisiga yordam ko‘rsatilishini maʼlum qilgan. Tokayev mamlakat bosh vaziri Alixan Smailovga muammoli energetik obyektlarni davlat ixtiyoriga qaytarishga topshiriq bergan.







