Andijondagi YTH oqibatida yana bir kishi vafot etdi
33 nafar bemor hozirda shifoxonalarda davolanmoqda.

Avvalroq Andijon viloyatida 26 noyabr kuni ISUZU rusumli avtobus va yuk mashinasi to‘qnashib ketgani haqida xabar berilgandi.
YTH oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgani, 38 nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, o‘ta og‘ir ahvoldagi yana bir nafar bemor amalga oshirilgan reanimasion choralarga qaramasdan vafot etgan.
Ushbu fuqaro shifoxonaga “Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi. Miya o‘zagi shikastlanishi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari yopiq jarohati. Jigar segmentlarining ezilib yorilishi. Chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi. O‘ng boldir sohasi old yuzasi va o‘ng qo‘l tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi. 3-darajali travmatik shok” tashxisi bilan olib kelingan. Unda belgilangan standartlar bo‘yicha barcha zarur amaliyotlar o‘tkazilgan.
Hozirda 33 nafar bemorda shifokorlar zarur muolajalarni davom ettirmoqda.
Nazoratda turgan bemorlarning 11 nafari RSHTYOIM Andijon filialida, 16 nafari Asaka tumani, 4 nafari Bo‘ston tumani, 2 nafari Shahrixon tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanmoqda.
Ushbu bemorlarning 1 nafari o‘ta og‘ir, 5 nafari og‘ir ahvolda. Vazirlik ularning holatini to‘liq nazoratga olgan bo‘lib, bemorlar zarur tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan.








