Chiroqchida IIB xodimi tuhmat bilan ayblangan fuqaroga kuch ishlatdi
Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida profilaktika inspektorining qonuniy talabini bajarmayotgan fuqaroga kuch ishlatayotganligi aks etgan video tarqaldi. Holat viloyat IIB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 29-oktyabr kuni soat 09.00 larda Chiroqchi tumani IIB profilaktika inspektori U.Muxammadiyev tumanda joylashgan 105-maktabda bog‘bon bo‘lib ishlovchi 1962-yilda tug‘ilgan fuqaro B.Q.ga ilgari unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi (tuhmat) bilan yuritilgan profilaktik yig‘ma jildi bilan tanishishni so‘ragan.
Fuqaro B.Q. yig‘ma jild bilan tanishishdan bosh tortib, profilaktika inspektorining IIB binosiga borish bo‘yicha qonuniy talabini bajarmagan va qarshilik ko‘rsatgan. Videolavhada aynan shu jarayon tasvirlangan.
Holat yuzasidan fuqaro B.Q.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarida jarima qo‘llanilgan.
Profilaktika inspektori U.Muxammadiyevning harakatlari IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, qonuniy deb topilgan.








