Andijonda OAV uchun 32 mlrd ajratilgani aytildi
Holatga viloyat hokimligi izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda mahalliy byudjetdan madaniyat va ommaviy axborot vositalari uchun 32 milliard so‘m sarflangani, amalda esa hududiy telekanal va nashrlarga bir so‘m ham berilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining 2022 yil 30 noyabrdagi “Andijon viloyati mahalliy byudjetining 2022 yil 9 oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi qarorida Andijon viloyati mahalliy byudjetining 2022 yil 9 oylik ijrosi tasdiqlangan.
2-ilovadagi shakl mahalliy byudjetning ijrosi bo‘yicha hisobot shakli bo‘lib, ushbu hisobot shaklida madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohalari bir satrda ko‘rsatiladi.
Mazkur qarorning 2-ilovasida haqiqatdan ham Madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohasi uchun 32 595 191 ming so‘m rejalashtirilib, 31 959 805 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu mablag‘larning 143 796 ming so‘mi kutubxonalarni, 8 462 198 ming so‘mi axborot-kutubxona markazlarini, 1 330 342 ming so‘mi ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalarni saqlashga, 1 895 944 ming so‘mi muzeylar, ko‘rgazmalar va ko‘rgazma zallarini, 9 548 764 ming so‘mi madaniyat saroylari va madaniyat uylari, klublar va klub tipidagi muassasalarni saqlashga, 6 191 352 ming so‘mi teatrlar, filarmoniyalar, musiqa jamoalari va ansambllariga, 2 243 032 ming so‘mi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limini saqlash xarajatlariga, 1 653 441 ming so‘mi boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalar va tadbirlarga, 490 935 ming so‘mi viloyat axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmasi va Respublika Kinematografiya agentligi viloyat bo‘limini saqlash xarajatlariga yo‘naltirilgan.
Saqlash xarajatlariga ishlovchi hodimlarning ish xaqi va ijtimoiy soliq xarajatlari, tashkilotning kommunal to‘lovlari va boshqar xarajatlari kiradi.
Byudjet kodeksining 71-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan amalga oshiriladigan xarajatlar tarkibiga “tele- va radiodasturlar yaratish hamda ularni tarqatishga doir xizmatlar ta’minoti va ularga haq to‘lash, ommaviy axborot vositalarini saqlab turish xarajatlari” kiritilmagan, ya’ni mahalliy byudjetlardan televideniya va ommaviy axborot vositalarini saqlab turishga mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmagan.
“O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentliklari Respublika byudjetidan moliyalashtirilishini hisobga olib, mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilmasligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.








