IIBda vafot etgani aytilgan erkakning o‘lim sababi ochiqlandi
Holatga IIV matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq Buxoro shahridagi IIB binosida Vobkent tumanida tug‘ilgan erkak vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov rasmiy munosabat bildirib, mazkur holat o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Shohruh Gʻiyosov voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni ochiqladi.
Qayd etilishicha, 28-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha guvoh tariqasida jalb etilgan fuqaro Q.H. soat 15.00 larda Buxoro shahar 4-son IIBga jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish uchun kelgan. Shundan so‘ng tergovchi xizmat vazifasi bilan boshqa joyda bo‘lganligi sababli IIB binosiga kirmasdan, qaytib ketgan.
Fuqaroning IIB binosiga kirmasdan, qaytib ketgan holati videotasvirga muhrlangan.
Fuqaro Q. H. “Matiz” rusumli taksi avtomashinasini to‘xtatib, uni Buxoro shahridagi “Fayziobod” jom’ye masjidiga olib borishini so‘ragan. Yo‘lda fuqaro Q.H.ning sog‘lig‘i yomonlashib, og‘zidan ko‘pik chiqib, hushini yo‘qotgan. Haydovchi xushsiz yo‘lovchini tezkorlik bilan Buxoro shahar kasalxonasiga yetkazgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, fuqaro Q.H. shu kuni soat taxminan 21:00 larda kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Sud-tibbiyot ekspertizasining birlamchi xulosasiga ko‘ra, o‘lim “Tutqanoq sindromi, o‘pka va miyaga kislorod o‘tkir yetishmovchiligi” oqibatida yuz bergan. Tekshiruv jarayonida murdaning badanida hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.








