Toshkentda arxeologik yodgorlik bog‘ga aylantirib yuborildi
Holatga Madaniy meros agentligi izoh berdi.

Toshkent shahrida arxeologik yodgorlik o‘rnida noqonuniy qurilish ishlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumanidagi Yunusobod Oqtepa arxeologiya yodgorligida fuqarolar tomonidan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish maqsadida qurilgan yengil turdagi konstruksiyali noqonuniy qurilmalar borligi aniqlangan. Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi va Madaniy meros agentligi tomonidan hudud yaqinida joylashgan noqonuniy qurilmalarning barchasi olib tashlangan. Qolganlarini tuman obodonlashtirish bo‘limi yordamida hududdan olib chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan Yunusobod Oqtepa arxeologik yodgorlik hududida “Oltin meros” xayriya fondining Toshkent shahar bo‘limiga murojaat qilinib, yodgorlik hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan har qanday noqonuniy qurilmalarni buzish, axlat va qurilish qoldiqlaridan tozalash talab qilingan.








