YPX xodimlari narkotesterdan foydalanishi mumkin
Bu bo‘yicha tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Vazirlar mahkamasining qaror loyihasi joylashtirildi.
Unga ko‘ra, yo‘l-patrul xizmati xodimlariga transport vositalari haydovchilarining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlashda narkotester maxsus texnik vositasidan foydalanish hamda aniqlangan holatlar bo‘yicha transport vositalari haydovchilariga nisbatan chora ko‘rishga ruxsat berilmoqda.
«Tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentrasiyasi miqdorini yoki biologik suyuqlik (so‘lak)da giyohvandlik yoxud psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.







