Gender tenglik dunyo iqtisodiyotiga 12 trillion dollar foyda keltiradi
Hozirgi surʼat bilan tenglik 300 yildan so‘ng o‘rnatiladi.

Ish joylarida gender tengligini taʼminlash 2025 yilgacha jahon iqtisodiyotiga 12 trln dollar foyda olib kelishi mumkin. Bu haqda Tokiodagi Ayollar manfaatlari jahon assambleyasi ochilishida “BMT—ayollar” tashkiloti ijrochi direktori Sima Sami Baxus gapirib o‘tdi.
"Agar mehnatga layoqatli ayollar o‘z potensialini amalga oshirolmasa, gender notenglik jiddiy iqtisodiy muammoga aylanadi. Tenglikning rivojlanishi 2025 yilga kelib global o‘sishga 12 trillion dollar qo‘shishi mumkin", — dedi u.
Ijrochi direktorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ayollarning jamiyatdagi o‘rni yaxshilangan, ammo pandemiya bu jarayonga salbiy taʼsir o‘tkazib, oiladagi zo‘ravonlikni kuchaytirgan, shuningdek, ayollar ish vaqti qisqarishiga olib kelgan.
Sima Sami Baxus hozirgi surʼatlar bilan gender tengligiga erishish uchun 300 yil kerak bo‘lishini aytmoqda.







