Namanganda tadbirkorni so‘kkan hokimga chora ko‘rildi
Bu bo‘yicha viloyatda kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.

Namanganda mahalliy tadbirkorni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan tuman hokimiga hayfsan berildi. Bu haqda “Daryo” nashri yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Namanganda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Unda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan so‘kingan audiosi muhokama qilingan. Hokim mazkur audioyozuvda tadbirkorni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgandi.
“Hokimning bu qilig‘ini aslo oqlab bo‘lmaydi. Bunday mavqedagi davlat xizmatchisi aslida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi kerak. Jumladan, muomala, aholi bilan munosabat borasida ham. Namanganliklar farzandlarini ham sizlab gapiradi axir”, — degan viloyat hokimi.
Yig‘ilishda Jobir Abdullayevga hayfsan berilib, uch oy muddatga barcha turdagi rag‘batlantirishlardan mahrum qilingan.
Shuningdek, joriy yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat boshqarmalari, tegishli tashkilotlar rahbarlarining xatti-harakatlari bo‘yicha yoritilgan masalalar ham atroflicha muhokama qilingan.








