Toshkentda dahshatli YTH: Lacetti 6 kishini urib yubordi
Hodisa oqibatida vafot etganlar bor.

Bugun, 4-dekabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat bo‘yicha shahar IIBB ma’lumot berdi.
Avtohalokat soat 06.15 larda Uchtepa tumani Farxod ko‘chasidagi 2-uy ro‘parasida yuz bergan. 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi R.I. Lacetti rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, 1982 yilda tug‘ilgan A.A. boshqaruvidagi Nexia—3 bilan to‘qnashib, olti nafar piyodani ham urib yuborgan. Shundan so‘ng yo‘l chetida harakatsiz turgan 1995 yilda tug‘ilgan M.V. boshqaruvidagi Matiz rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida Lacetti haydovchisi hamda to‘rt nafar piyoda turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ikki nafar piyoda olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasining sababi Lacetti haydovchisi tezlikni me’yoridan oshirib, rul boshqaruvini yo‘qotgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.








