Toshkentda xususiy bog‘cha yonib ketdi
Hodisa joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan.

Kecha, 3-dekabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi xususiy bog‘chada yong‘in chiqdi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 02:00 da Shayxontohur tumani “Jarariq” MFY Jarariq ko‘chasida joylashgan xususiy bog‘chada yong‘in kelib chiqqanligi to‘g‘risida shahar FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 02:03 yetib borgan va yong‘in soat 02:30 da qurshab olinib, soat 02:46 da bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida bino 2-qavatining 200 kvadrat metr maydonda ichki va tom qismi yonib zararlangan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli yong‘indan binoning 300 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.








