Endi sug‘urtaning barcha turlari elektron shaklda sotiladi
Bu bo‘yicha Hukumatning tegishli qarori ishlab chiqildi.

Sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi.
Nizomga ko‘ra:
- sug‘urtaning barcha turlari (klasslari) elektron shaklda sotiladi va rasmiylashtiriladi hamda ularning haqiqiyligini tekshirish sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida maʼlumotlar almashinuvi yo‘li bilan sug‘urta tashkilotining axborot tizimida va internet resursida amalga oshiriladi;
- sug‘urta shartnomasini tuzish uchun sug‘urta tashkilotining axborot tizimi orqali ariza beriladi va tegishli maʼlumotlar avtomatik tarzda to‘ldiriladi;
- sug‘urta polislari ro‘yxatga olinib, ularning aylanmasi bo‘yicha monitoring olib boriladi.
Sug‘urta shartnomasi Yagona axborot tizimida ro‘yxatga olish va sug‘urta polisiga noyob raqam berish orqali tuziladi.
2022-yil 31-dekabrgacha barcha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi hamda barcha sug‘urta kompaniyalarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
2023-yil 1-martgacha ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtiriladigan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma onlayn tarzda yuborilishini hamda ko‘rib chiqilishini amalga oshirish bo‘yicha yagona mobil ilova ishga tushiriladi.
2023-yil 1-iyulgacha yagona mobil ilova orqali boshqa majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta daʼvolariga oid arizalar onlayn tarzda yuborilishi hamda ko‘rib chiqilishi amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-iyulgacha “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.








