Buyuk Britaniya Eron-Rossiya harbiy hamkorligidan xavotirda
Birlashgan Qirollik ushbu hamkorlikni xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida baholamoqda.

Buyuk Britaniya Moskva va Tehron o‘rtasidagi harbiy hamkorlikdan jiddiy xavotir bildirdi. Bu haqda Birlashgan Qirollik tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron RFga qurol yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biriga aylandi. Diplomat buni global xavfsizlikka tahdid deb baholagan.
“Buning evaziga Eron rejimiga Rossiya harbiy va texnik yordam ko‘rsatmoqda hamda shu tariqa Yaqin Sharqdagi hamkorlarimizga hamda xalqaro xavfsizlikka tahdidlarni oshirmoqda”, – degan TIV rahbari.
Kleverli Buyuk Britaniya har ikki davlatni javobgarlikka tortmoqchi ekanini ham qayd etgan.
Moskva va Tehron bir necha bor o‘zaro harbiy-texnik hamkorlikni inkor etgan. Ammo 5 noyabr kuni Eron TIV Rossiyaga haqiqatdan ham cheklangan miqdorda dronlar yetkazib berilganini tan oldi. Shu bilan birga bu Ukraina urushidan bir necha oy oldin bo‘lgani taʼkidlangan.
Oq uydagi ayrim manbalarga ko‘ra, eronliklar buning evaziga Rossiyadan yuqori texnologiyali qurollar olmoqda. Qanotli raketalar, zamonaviy havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari shular jumlasidandir.







