IIB xodimi mashinasida odam urib yubordi
Hodisa oqibatida 1 kishi vafot etgani aytilmoqda.

Kecha, 9-dekabr kuni soat 22:00 larda Andijon viloyati IIB JXX YHXB xodimi E.M. xizmatdan so‘ng Asaka tumani “Qashqar” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-112E avtomobil yo‘lining 2-kilometrida Spark‘da harakatlanib ketayotgan vaqtda avtomobil ko‘prigi ustidagi muzlamada transport vositasi sirpanib ketgan va rul boshqaruvini yo‘qotib, qatnov qismining chetidan ketayotgan ikki nafar piyodani urib yuborgan. Bu haqda Andijon viloyati IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa oqibatida 1994-yilda tug‘ilgan piyoda M.K. olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, 2004-yilda tug‘ilgan piyoda A.K. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan JKning 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







