Borrel Turkiyani ogohlantirdi
YеI Anqarani Moskvaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berishda gumonlamoqda.

Yevropa Ittifoqi Turkiyani Rossiyaga qarshi sanksiyalarga amal qilishga chaqirdi. Bu haqda YеI bosh diplomati Jozep Borrelning Funke nashriga bergan intervyusida so‘z boradi.
Turkiya Ukrainada qurolli mojaro boshlanganidan keyin Rossiyaga eksportni keskin oshirdi va rus neftini sotib olishni ko‘paytirdi. Borrel Bryussel va Anqara o‘rtasida bojxona ittifoqi tuzilganiga eʼtibor qaratgan. Bu ikki mintaqa o‘rtasida tovarlarning erkin aylanishini nazarda tutadi. Bu orqali harbiy va tinchlik maqsadlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar Turkiyaga kirib kelishi, bu yerdan esa Rossiyaga reeksport qilinishi mumkin.
YеI diplomatiyasi rahbari Anqarani Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermaslikka chaqirgan. Bu bo‘yicha Yevroittifoqning turk tomoniga xavotir va shubhalari turli darajalarda yetkazilgani taʼkidlangan.
Turkiya va Rossiya prezidentlari avgust oyidagi uchrashuvida iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga kelishib olgandi. G‘arb kompaniyalari katta ehtimol bilan RF bilan savdo aloqalarini turklar orqali davom ettirmoqda.







