Kosovo hukumati Yevropa Ittifoqiga aʼzolik arizasini imzoladi
“Kosovo fuqarolari uchun boshqa muqobil yo‘l yo‘q”, dedi Vosa Osmaniy.

Kosovo maʼmuriyati vakillari Yevropa Ittifoqiga kirish to‘g‘risidagi arizani imzoladi. Bu haqda “Interfaks” nashri yozmoqda.
Marosimda Kosovo maʼmuriyati rahbari Vosa Osmaniy, mahalliy hukumat bosh vaziri Albin Kurti va parlament raisi Glauk Konyufcha ishtirok etdi.
“Bugun tarixiy kun. Bugun birgalikda maqsadimiz sari qatʼiy qadam tashlamoqdamiz. Bugun biz Yevropa Ittifoqiga bir qadam yaqinlashdik” — dedi Vosa Osmaniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kosovo fuqarolari uchun boshqa muqobil yo‘l yo‘q.
Aksariyat etnik albanlar istiqomat qiluvchi Serbiyaning Kosovo va Metoxiya avtonom viloyati 2008-yilda qonli mojarodan so‘ng bir tomonlama ravishda Serbiyadan mustaqilligini eʼlon qilgandi. Ko‘pgina G‘arb davlatlari bu qadamni tan oldi, ammo Belgrad bu yerlarni Serbiya davlatining ajralmas qismi deb hisoblashda davom etmoqda. Yevropa Ittifoqiga aʼzo beshta davlat — Ispaniya, Kipr, Gretsiya, Slovakiya va Ruminiya uning mustaqilligini tan olmaydi va uning Ittifoqqa qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqa olmaydi.








