Angrenda salkam 30 tonna ko‘mirni noqonuniy sotib yubormoqchi bo‘lishdi
U aholi uchun ajratilgan bo‘lgan.

Angren shahrida 28,6 tonna ko‘mir noqonuniy sotilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishi departamenti.
Qayd etilishicha, departament hamda IIBning Angren shahar bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. “Chinobod” MFY hududida “MAN” rusumli avtomashina to‘xtatib ko‘zdan kechirilganda fuqaro N.X. faoliyati tugatilgan “K.B.” MCHJning soxta yuk xati asosida aholi uchun ajratilgan 28,6 tonna ko‘mirni qayta sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








