Ulardan farrosh sifatida foydalanildi—Saida Mirziyoyeva
O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ish yuklaydiganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti. Bu haqda Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
“Afsuski, farzandlarimizga taʼlim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi “massovka”, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi. Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz”, — deya yozdi u o‘zining Telegram kanalida.








