Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 9-sanksiyalar paketini eʼlon qildi
Yangi choralar eʼlon qilingan zahoti kuchga kirgan.

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi voqealar munosabati bilan Rossiyaga qarshi navbatdagi cheklov choralarini kiritdi. Bu haqda «Interfaks» nashri yozmoqda.
Sanksiyalar doirasida YEI ikki tomonlama maqsadlarda foydalaniladigan tovarlar va bir qator texnologiyalar uchun eksport nazorati choralarini qo‘llaydi, kosmik sanoati tovarlari eksportini taqiqlaydi va dronlar, energetika sektoriga yangi investitsiyalar bo‘yicha taqiqni kengaytiradi.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya mudofaa sanoati bilan bog‘liq yana 168 ta tuzilmani o‘zining “qora ro‘yxati”ga qo‘shmoqda va «NTV», “Rossiya 1”, “REN TV” telekanallari translyatsiyasini to‘xtatmoqda.
Bundan tashqari, Ittifoq Rossiyaning ikkita banki (MKB va Uzoq Sharq banki) aktivlarini bloklaydi va Rossiya mintaqaviy taraqqiyot banki bilan operatsiyalarni to‘liq taqiqlaydi.
Shu bilan birga, sanksiyalar to‘g‘risidagi qoidalarda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro savdosida muhim rol o‘ynagan ayrim shaxslarning aktivlarini muzlatishga imkon beradigan istisno kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.








