Andijonda bir kunda 10 dan ortiq mashina YTHga uchradi
Viloyat IIB buning sababini maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida videoxabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB maʼlumot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, bugun, 19 dekabr kuni soat 16:00 larda Oltinko‘l tumani hududidan o‘tgan 4R-130 avtomobil yo‘lining 2-kilometrida 3 ta avtomashina ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
KIA rusumli avtotransport haydovchisi tuman sababli o‘zidan oldinda, svetoforning qizil ishorasida to‘xtab turgan Nexia hamda Lasetti avtomashinalarini ko‘rmay qolib, ularning orqa qismiga kelib urilgan. Oqibatda uchala avtomashina ham texnik shikastlangan. Tan jarohati olganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatning Asaka tumanida 8 ta avtomashina ishtirokida to‘qnashuv yuz bergandi. YTH xalqaro ahamiyatga ega A-373 avtomobil yo‘lining 420-kilometrida sodir bo‘lgan. Oqibatda transport vositalari texnik shikastlangan.








