Rossiya dronlari tongda butun Ukrainani bezovta qildi
Mamlakatning qator viloyatlarida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari ishlagan. Uchuvchisiz qurilmalarning aksariyati urib tushirilgani aytilmoqda.

Dushanba kuni erta tongda Rossiya dronlari Ukrainaning qator shaharlariga hujum uyushtirdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtning ikki tumanida portlash sodir bo‘lgan.
Hozircha jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar haqida maʼlumot yo‘q.
Soat 6 ga yaqin havo trevogasi to‘xtatilgan. Kiyevga jami 20 ta dron hujum qilgan bo‘lsa, ularning 15 tasi urib tushirilgan.
Ukrainaning qator shimoliy viloyatlarida, xususan, Cherkass, Xarkov, Poltava va Chernigovda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari ishlagan.
Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiya “Antonov” aviatsiya zavodiga ham zarba bergan.







