Samarqand va Namangan shaharlari respublika bo‘ysunuviga o‘tmoqda
Bu o‘zgarish oddiy odamlarga nima beradi?

Davlat rahbarining Parlament va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida muhim tashabbus – Samarqand va Namangan shaharlariga respublika bo‘ysinuvidagi shaharlar maqomini berish taklifi ilgari surildi.
Bu nima degani? Bu xuddi Toshkent kabi Samarqand va Namangan shaharlari ham ushbu nomdagi viloyatlar tarkibidan chiqarilib, alohida maqomga, alohida boshqaruvga ega bo‘ladi degani.
Bu o‘zgarishning ahamiyatini tushunish uchun unga har tomonlama, yaʼni kompleks yondashib, baho berish kerak.
Birinchida, bu tashabbus urbanizatsiya, yaʼni aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib shaharlarni rivojlantirish jihatidan muhim.
Markaziy Osiyo hududida eng birinchi yirik, yaʼni “millionlik shahar” maqomiga Toshkent shahri 1960 yillarda erishgan. O‘sha paytda O‘zbekiston aholisi 8 mln kishidan sal ko‘proq bo‘lgan. Bugun esa aholi soni 36 mln kishiga yetdi. Lekin haligacha odamlar ish, o‘qish, davolanish, dam olish, biznes qilish uchun intiladigan shahar, yaʼni “tortuvchi markaz” – Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda.
Bu orada mintaqada “millionlik shahar”lar soni 7 taga yetdi. Bunday shaharlar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega, bu nazariy jihatdan ham, tarixdan ham o‘z tasdig‘ini topgan.
Chunki odamlar bekordan bekorga shaharlarni, tartib bilan rivojlangan yirik markazlarni barpo etishmagan. Bunday shaharda hayot doim qaynaydi, turli sohalar, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish hisobidan ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, bu taklif boshqaruv samaradorligi jihatidan ham muhim.
Aslida maʼmuriy-hududiy birliklarni tashkil etishdan maqsad – boshqaruvni, davlat organlarini xalqqa yaqinlashtirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish.
O‘z vaqtida Toshkent shahrini ham respublika bo‘ysinuviga o‘tkazish uchun sabab uning poytaxt bo‘lgani emas, shaharning kengaygani, aholi soni oshgani, shaharni rivojlantirish uchun alohida eʼtibor zarurligi bo‘lgan. Bugun esa Samarqand va Namangan shaharlariga ham aynan mana shu kabi maqsadlar bilan respublika ahamiyatidagi shahar maqomi berilmoqda.
Uchinchidan, bu yangilikning yuridik jihatdan ham ahamiyati katta. Oxirgi yillarda Namangan shahri tarkibida 2 ta yangi tuman — Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etildi. Samarqand shahri tarkibida ham tumanlar tashkil etish tashabbusi ilgari surilyapti. Maqsad – tobora ko‘payib borayotgan aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash. Ammo bu yuridik tomondan bir qator savollarni keltirib chiqaryapti.
Shu nuqtai nazardan agar biz yirik shaharlar tarkibida, xususan, Namangan va Samarqand shaharlarida tumanlar tashkil etadigan bo‘lsak, butun qonunchilik tizimini bu yangilikka moslashtirgandan ko‘ra, ushbu shaharlarni, xuddi Toshkent shahri singari, respublika bo‘ysinuviga o‘tkazish juda to‘g‘ri va mantiqiy qaror hisoblanadi.
To‘rtinchidan, bu tashabbus tadbirkorlik muhiti yoki investitsiyaviy jozibadorlik nuqtai nazaridan ham alohida qimmatga ega. Bu yerda davlat biznesga o‘ziga xos “signal” beryapti: “O‘zbekistonda yana 2 ta shahar Toshkent shahri kabi alohida maqomga ega bo‘ladi, ular tez orada yanayam rivojlanadi, aholi soni oshadi, o‘z kapitalingizni bu shaharlarga yo‘naltirib, siz aslo kam bo‘lmaysiz” deyapti. Transport-logistika jihatdan ham shunday.
Bu o‘zgarish oddiy odamlarga, masalan, har ikki shahar va har ikki viloyat aholisiga nima beradi?
Bu islohot ushbu odamlar hayotida qanaqadir qiyinchilik yoki boshqacha noqulayliklar keltirib chiqarmaydi: hamma o‘z ishi, kundalik hayot tarzini avvalgiday davom ettiraveradi, odamlar bundan keyin ham o‘zi istagan joyida dam olishi, o‘qishi, davolanishi, ishlashi mumkin bo‘ladi, bu borada hech qanday muammo yo‘q.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu islohot natijasida Samarqand va Namangan shaharlarining nufuzi, investitsiyaviy jozibadorligi ortadi, biznes rivojlanadi, ish o‘rinlari ko‘payadi, shu orqali soliq tushumlari ortadi.
Ushbu taklifni amalga oshirish uchun, eng avvalo, Konstitutsiyaga, keyin esa boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, Oliy Majlis palatalarining tegishli qarorlarini qabul qilish lozim bo‘ladi.
Eldor Hamroyev, huquqshunos, mustaqil tadqiqotchi








