Vashington 2023-yilda Ukrainaga 44 milliard dollardan ortiq yordam ajratadi
AQSh Kongressi kelasi yil uchun moliyalashtirish loyihasini taqdim etdi.

AQSh Kongressi 2023-yil uchun 1,7 trillion dollarlik moliyalashtirish loyihasini taqdim etdi. Undan 44,9 milliard dollarni Ukraina va NATO ittifoqchilariga yordam sifatida ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda "Reuters" xabar bermoqda.
Qonun loyihasida taklif etilgan moliyalashtirishning umumiy miqdori o'tgan yilgidan ko'p.
Senat va Vakillar palatasi rahbarlari loyihani qabul qilib, hafta oxirigacha AQSh Prezidenti Jo Baydenga imzolash uchun yuborishni rejalashtirmoqda.
Demokratlar va respublikachilar harbiy va noharbiy dasturlarga qancha pul ajratish kerakligi haqida o'zaro bahslashdi. Yakunda kelasi yili Qo'shma Shtatlar rekord darajadagi mudofaa byudjetini qabul qiladi, u 858 milliard dollarni tashkil etadi. O'tgan yili bu miqdor 740 milliard dollar edi.







