Shtaynmayer Si Szinpindan Putinga taʼsir o‘tkazishni so‘radi
Germaniya va Xitoy rahbarlari Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgan.

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan telefon suhbatida Rossiya va Ukraina mojarosini muhokama qildi.
GFR prezidenti devonxonasi xabariga ko‘ra, suhbat 60 daqiqa davom etgan. Muloqot davomida ular ikki taraflama aloqalar va Xitoydagi joriy vaziyatni muhokama qilgan.
Shtaynmayer Germaniyaning Ukrainaga yordam berish qarorini yana bir bor taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya agressiyasi Ukraina mudofaasi mustahkamlanishi va Yevropaning birlashishiga xizmat qildi.
Bundan tashqari, Shtaynmayer Siga Rossiyaning yadroviy tahdidlarini qabul qilmagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Germaniya prezidenti Xitoy va Yevropaning harbiy harakatlarni to‘xtatishdan umumiy manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u hamkasbidan Putinga taʼsir o‘tkazishni so‘radi.







