Saida Мirziyoyevaning o‘qituvchilar bo‘yicha tashabbusi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda
Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilar qadri, ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida gapirgandi.

Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilar qadri, ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida gapirgandi.
«Afsuski, farzandlarimizga taʼlim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi ‘massovka‘, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.
Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz. O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti», — degan edi u.
Uning bu chiqishi MDHning qator davlatlari deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Rossiya Dumasi deputati Artyom Kiryanov bu muammo Rossiyada ham dolzarb ekanini aytdi.
«Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etishni bas qilishni taklif qilgan chiqishini ko‘rdim. Uning nutqi barcha hududlarda jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Bu ramziy maʼnoga ega, chunki kelasi yil bizda «O‘qituvchilar va murabbiylar yili» deb eʼlon qilingan.
Rossiya tarixini eslasak, mamlakatimizda o‘qituvchilik doim eng hurmatga loyiq, inqilobdan avval esa — eng ko‘p maosh to‘lanuvchi kasblarda biri bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchilar o‘rtasida ham, ota-onalar o‘rtasida ham obro‘ga ega bo‘lgan. Aslida ham bu ayni haqiqatdir, chunki aynan o‘qituvchilar yosh avlodga axloqiy tarbiya asoslarini berib, bizning umumiy kelajagimizni shakllantiradi. Ammo keyinchalik jamiyatga sezilmas tarzda taʼlim va tarbiya berishdan taʼlim xizmatini ko‘rsatishga o‘tib ketildi va shunga yarasha o‘qituvchilarga munosabat ham o‘zgardi. Hozir buni to‘g‘rilashning ayni payti», — degan deputat.
Rossiya Davlat dumasining yana bir deputati — boks bo‘yicha og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev ham Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
«Bu muammo Rossiyada ham juda dolzarb. Shu sababli Saidaning fikrlarini to‘la qo‘llab-quvvatlayman», — dedi Valuyev.
Qirg‘izistonlik deputat Baxridin Shabazov ushbu tashabbusni Qirg‘izistonda ham joriy etishni taklif qildi.
«Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Bu tashabbusni Qirg‘izistonda ham joriy etish lozim. Biz o‘qituvchilarni himoya qilishimiz va ularni o‘zlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalariga hech qanday aloqasi bo‘lmagan ko‘pincha haqoratli vazifalarni bajarishdan qutqarishimiz kerak», — dedi Baxridin Shabazov.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijroiya apparati sektor mudiri Saida Mirziyoyevaning yaqinda so‘zlagan nutqiga izoh berib, o‘qituvchilarni xizmatkor qilishni to‘xtatishga chaqirdi.
Mariya Zaxarova o‘zining Telegram kanalida taʼkidlashicha, Saida Mirziyoyevaning hissiyotli nutqi Rossiyada ham aks sado berdi, bu ramziy maʼnoga ega, chunki kelasi yil “O‘qituvchi va murabbiylar yili” deb eʼlon qilingan.
Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada o‘qituvchilik kasbi har doim eng hurmatli kasblardan biri bo‘lgan, o‘qituvchi ham o‘quvchilar, ham ota-onalar uchun obro‘li bo‘lgan. Ammo keyin o‘qituvchiga munosabat o‘zgargan.
“Biz buni tuzatish zarurligiga o‘z vaqtida eʼtibor qaratdik. Bu muammo postsovet hududidagi ko‘plab mamlakatlarga taalluqli. Bu, ayniqsa, MDHda Rus tili yili deb eʼlon qilingan 2023 yilda dolzarb, chunki bu ko‘p millatli mamlakatlarda barqarorlik va totuvlikni saqlashda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, fan va oliy taʼlim sohasida yangi marralarni ochadi”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga anʼanaviy Murojaatnomasida o‘qituvchilarning maqomi, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish to‘g‘risidagi bandni mamlakat Konstitutsiyasiga kiritish zarurligi haqida fikr bildirgan edi.







