Noqonuniy chiqarilgan qarorlar: davlat va jamiyat bundan 30 milliarddan ortiq zarar ko‘rgan
Bunday holatlar eng ko‘p Toshkent shahrida kuzatilgan.

Sudlar tomonidan nizolarni hal etishda ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, moddiy va protsessual huquq normalari talablariga to‘liq rioya etilmagani oqibatida 30 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, sudlar tomonidan noqonuniy qurilmalarga nisbatan ham mulk huquqini belgilash haqida 109 ta noqonuniy sud qarorlari qabul qilingan. Natijada, 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Bunday holatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri (65) va viloyatida (21) aniqlangan.
Shuningdek, ayrim sudlarda boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan 44 ta obyektlarga nisbatan mulk huquqini belgilash kabi qonunchilikka zid amaliyot shakllangan.
Qayd etilishicha, noqonuniy sud qarorlarining 78 tasi prokuror protestlari va manfaatdor shaxslarning shikoyatlari asosida bekor qilinishi taʼminlangan.
Hozirda 18 ta sud qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan berilgan shikoyatlar sudlarda ko‘rilmoqda va qolgan sud qarorlari o‘rganilmoqda.
Sudlarning noqonuniy qarorlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani hamda boshqa qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan jami 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.







