Shols Ukrainaga tank bermagani uchun tanqid qilindi
Rasmiy Berlin Ukraina nizosi boshlangandan buyon Kiyevga tank yetkazib bermagan. Bu bo‘yicha so‘rovlar bir necha bor inkor qilingan.

Germaniya parlamenti — Bundestagning mudofaa qo‘mitasi rahbari Mari-Agnes Shtrak-Simmerman kansler Olaf Sholsning Ukrainaga qurol yetkazib berish siyosatini tanqid qildi. U hukumatni Kiyevga uzoq muddatli va oldindan rejalashtirilgan harbiy yordam berishga chaqirgan.
Uning fikricha, rejalashtirilgan yetkazib berishlar Ukraina armiyasi va NATO bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilishi lozim.
“Rossiya Ukrainadagi terrorni to‘xtatmaydi. Germaniya yaqin oylarda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z hamkorlari yagona ssenariyni ishlab chiqishi kerak”, – degan Shtrak-Simmerman.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada aniq strategiya yo‘q. Bu kelajakda katta muammoni keltirib chiqarishi mumkin.
Siyosatchi Berlinning Ukrainaga tanklar yetkazib bermayotgani tushunarsiz va xavotirli ekanini aytgan.
“Men biz nima uchun tanklar bermayotganimiz haqida bahonalardan charchadim. Ayniqsa, bu Rossiyaning alohida provokatsiyalarini keltirib chiqaradi, degan bahonalardan. Biz o‘ziyurar gaubitsalar, zenit tizimlari, artilleriyani muvaffaqiyatli yetkazib berdik. Tanklar hozir Rossiya kuchlarini siqib chiqarishda muhim vosita bo‘lgan bo‘lardi”, – deb qo‘shimcha qilgan qo‘mita rahbari.
Rasmiy Berlin Ukraina nizosi boshlangandan buyon Kiyevga tank yetkazib bermagan. Bu bo‘yicha so‘rovlar bir necha bor inkor qilingan. Germaniya rasmiylarining fikricha, bu qadam eskalatsiyani yana-da kuchaytirishi mumkin.







