Toshkentda 16 daqiqada kelishi kerak bo‘lgan avtobus yo‘lovchilarni soatlab kuttirmoqda
Holat yuzasidan rasmiylar tushuntirish berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Qo‘yliq dehqon bozori–Boshliq mavzesi yo‘nalishida harakatlanadigan 12-sonli avtobus yo‘lovchilarni soatlab kuttirayotgani haqida murojaat eʼlon qilindi. Holatga «Toshshahartransxizmat» AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, jamiyatning “1-Avtobus saroyi” filialiga biriktirilgan 12-sonli Qo‘yliq dehqon bozori–Boshliq mavzesi avtobus yo‘nalishida ish kunlari 8 ta, shanba va yakshanba kunlari 6 ta MAN A22 va Mersedes Benz LF rusumli avtobuslar ishga chiqariladi va 16 daqiqa vaqt oralig‘ida yo‘nalishda transport qatnovini tashkil etilishi belgilangan.
Bugun, 27-dekabr kuni 12-sonli yo‘nalishga belgilangan jadval asosida 6 ta avtobuslar ishga chiqarilgan bo‘lib, Yashnobod tumani “Uysozlar” ko‘chasida asfalt yotqizish ishlari olib borilayotgani sababli mazkur ko‘cha ikki taraflama yopilgan va avtobus harakati aylanma ko‘chalardan tashkil etilgan. Shu bilan birga, Qo‘yliq dehqon bozori qarshisida ko‘prik qurish ishlari olib borilayotgani munosabati bilan ushbu ko‘chada katta tirbandliklar ham yuzaga kelgan. Shu sababdan yo‘nalishda avtobuslar qatnov oraliq vaqti uzayib ketgan.
“Bugungi kunda mazkur 12-sonli avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslardagi texnik nosozliklarni bartaraf etish, yo‘nalishga kerakli miqdorda avtobuslarni ishga chiqarish choralari ko‘rilganligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.








