“Dok-1 Maks” voqeasini fosh qilganlar nega ishdan olindi?
Holatga rasmiylar munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” voqeasini fosh qilgan tibbiyot xodimlari o‘z vazifasidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva izoh berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida kuzatilgan holat bo‘yicha vazifasidan ozod etilgan 7 nafar tizim mutasaddisi va tibbiyot xodimi o‘z vaqtida SSVga xabar bermagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda bolalarda kuzatilgan holat boshlanganiga 2 oydan oshganligi o‘z tasdig‘ini topgan.
“Vaholanki, tizimga doir har bir favqulodda holat bo‘yicha shu kunning o‘zida vazirlikka tezkor maʼlumot taqdim etish zarurligi to‘g‘risida tegishli meʼyoriy hujjat va talablar mavjud. Shunga qaramay, bu xodimlar 2 oydan beri bu holat to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar bermagan”, — deydi Sevara Ubaydullayeva.
Oqibatda juda katta vaqt boy berilgan. Yaʼni bolalar o‘rtasida noaniq holatlar yuz bergach, zudlik bilan bu bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligiga xabar berilmagan.
“Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ham mazkur holat yuzasidan juda kech rasmiy xat kiritilgan. Shu sababli qonunchilikda berilagangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi va o‘rganishlar davom etmoqda”, —deydi boshqarma boshlig‘i.








