SSV “Dok-1 Maks”ni sotib olmaslik bo‘yicha SMS yubormoqda
Ushbu dori vositasi respublikadagi barcha dorixonalardan yig‘ib olinmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston aholisiga “Dok-1 Maks” dorisini sotib olmaslik bo‘yicha SMS yuborishni boshladi.
“Dok-1 Maks” preparatini sotib olmang. Farzandlaringiz salomatligini asrang”, —deyiladi xabarda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dorixonalarda “DOK-1 MAKS” dori vositalarining realizatsiyasini to‘xtatish, realizatsiya qilingan qoldiq dori vositalarini dorixonalardan chaqirib olish ko‘rsatmasini berdi.
Ushbu dori vositasi respublikadagi barcha dorixonalarning rastalaridan tezkorlik bilan yig‘ib olingan.
“Agar biror bir tadbirkorlik subyektida mazkur “DOK-1 MAKS sirop 100 ml” va “DOK-1 tabletki №10” dori vositalari qoldiq tarzida qolgan bo‘lsa, sizdan bu haqida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining murojaatlar bo‘limiga zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi agentlik xabarida.








