Toshkentda nomaʼlum shaxs bankomatdan pul o‘mardi
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kecha, 30-dekabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida bankomatdan pul o‘g‘irlandi. Holat yuzasidan shahar IIBB maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 06:30 larda nomaʼlum shaxs Yashnobod tumani “Jarqo‘rg‘on” ko‘chasida joylashgan savdo do‘konining oldida o‘rnatilgan bankomatdan o‘g‘rilik sodir etgan. Xabar yuzasidan zudlik bilan voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yetib borgan. Tergov harakatlarini olib borish, dalillarni va izlarni aniqlash maqsadida jinoyat sodir etilgan hudud o‘rnatilgan tartibda o‘rab olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatni to‘liq fosh qilish maqsadida malakali xodimlardan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.








