Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi
Holat tuman hokimi tomonidan nazoratga olingan.

Bugun, 31 dekabr kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in chiqdi. Holat yuzasidan tuman hokimligi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Yangihayot tumanining “Gulshanobod” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning 12-qavatidagi uyning balkon qismida (5 kvadrat metr joy) yong‘in yuz bergan.
Voqea joyiga tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yetib kelishgan va yong‘in zudlik bilan bartaraf etildi. Tuman hokimi va sektor rahbarlari tomonidan vaziyat nazoratga olingan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in kelib chiqish sababi hozirda maʼlum emas.








