Samarqand shahrida 2 ta uy yonib ketdi
Voqea joyiga 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan.

Kecha, 1-yanvar kuni Samarqand shahridagi 2 ta xonadonda yong‘in chiqdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 17:34 da Samarqand shahri “Bek” MFY Bobur ko‘chasidagi xonadonlarda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, voqea joyiga 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan va soat 18:55 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. 2 ta xonadonning taxminan 200 kvadrat metr maydonda shift va tom qismi hamda uy jihozlari yonib zararlangan.
Yong‘indan xonadonlarning taxminan 80 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.








