Xitoyning yangi TIV rahbari AQSH bilan munosabatlarni yaxshilashga tayyorligini bildirdi
Sin Gan 30 dekabrda tashqi ishlar vaziri deb eʼlon qilingandi.

Xitoyning yangi tashqi ishlar vaziri Sin Gan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qildi. Diplomat amerikalik hamkasbiga ikki davlat munosabatlari normallashuviga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
“Men siz bilan qalin ishchi aloqalar o‘rnatishga, birgalikda harakatlar bilan davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va rivojlantirishga tayyorman”, – degan u.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Blinkenga Vashingtonda elchi bo‘lib ishlagan davrida birgalikda o‘tkazgan uchrashuvlarini eslatib o‘tgan.
30-dekabr kuni Sin Gan XXRning yangi tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi. 2013-yildan buyon TIV rahbari bo‘lib kelgan Van I bu lavozimdan ketdi.
Bunga qadar Sin Gan Xitoyning AQSHdagi elchisi lavozimida ishlagan.








