Buxoro shahridagi uyda gaz portladi
Hodisa kecha tunda yuz bergan.

Kecha, 2-yanvar kuni Buxoro shahridagi xonadonlarning birida gaz portlashi yuz berdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, soat 23:45 larda Buxoro shahrining «Nizomiy» MFY hududidagi “Mustaqillik” ko‘chasida joylashgan 2 qavatli uy xonadonlaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi ro‘y bergan. Chaqnash natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Uyning oshxona eshik romlari joyidan siljib, zararlangan.
Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB, IIB, SSB, Prokuratura, Hududgaztaʼminot va boshqa tegishli tashkilot xodimlari yetib borgan. Hozirda sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan Buxoro shahar IIB tezkor tergov guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








