Bloomberg : Xitoyda krematoriylar yetishmayapti
Dekabr oyida XXRda koronavirus cheklovlari yumshatilgan edi. Shundan keyin COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin ortgan.

Xitoyda koronavirus bilan kasallanish keskin ortishi oqibatida mamlakatda krematoriylar to‘lib ketdi. Bu haqda Xitoydagi manbalariga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Infeksiya bilan kasallanish keskin ortishi ortidan dekabrda XXR kunlik holatlar statistikasini eʼlon qilishni to‘xtatgan edi. Yanvarda COVID-19 qurbonlari 9 mingdan 25 minggacha ortishi mumkin.
Shanxay va Pekindagi krematoriylar ishchilarining Bloomberg‘ga aytishicha, koronavirus qurbonlari jasadi 24 soat yondirilmoqda. Xodimlardan biri dafn qilish sohasi falajlanib qolganini maʼlum qilgan.
Linxuadagi krematoriylardan biriga kuniga 500 jasad kelayotgani qayd etilgan. Joriy vaziyat ortidan Xitoyda jasadlarni yoqish bo‘yicha noqonuniy biznes rivojlangan bo‘lishi mumkin.
Dekabr oyida ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng XXRda koronavirus cheklovlari yumshatilgan edi.







