Rasmiy Pekin: Tayvan masalasi demokratiyaga emas, Xitoy hududiy yaxlitligiga daxldor
XXR Taybeyga NATO sobiq bosh kotibining tashrifidan norozilik bildirdi.

Tayvan masalasi inson huquqlari va demokratiya bilan emas, Xitoy hududiy yaxlitligi bilan bog‘liq. Bu haqda XXR tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin maʼlum qildi.
U NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning Taybeyga tashrifini shunday izohladi. Alyansning sobiq rahbari 3 yanvar kuni orolga kelgan va mahalliy administratsiya yetakchisi Say Inven bilan uchrashgan.
“Dunyoda faqat yagona Xitoy bor, Tayvan esa uning ajralmas qismi hisoblanadi”, – degan Mao Nin.
Diplomat xalqaro maydonda ikkita Xitoy tuzish yoki bitta XXR va bitta Tayvan tuzish harakatlari muvaffaqiyatsiz bo‘lishini taʼkidlagan.
Maʼlumot o‘rnida: Tayvan 1949 yildan buyon o‘z administratsiyasi tomonidan boshqariladi. Rasmiy Pekin va jahon hamjamiyati orolni XXR tarkibidagi hudud deb hisoblaydi.







